O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
YAPONIYA BILAN TEXNIKAVIY HAMKORLIK DOIRASIDA “O‘ZBEKISTON-YAPONIYA MARKAZI (II BOSQICH)” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH CHORA—TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
2001-yildan buyon O‘zbekiston—Yaponiya markazi faoliyat ko‘rsatib kelayotgan davr mobaynida respublikaning 3200 nafardan ko‘proq fuqarolari maxsus dasturlar bo‘yicha biznes-kurslarda, kompyuter savodxonligi va yapon tili kurslarida ta’lim olishgani qayd etib o‘tilsin. Mazkur loyiha doirasida Yaponiya Hukumati tomonidan berilgan mablag‘larning umumiy hajmi 2,3 mln. AQSh dollaridan oshib ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi ahdlashuvlarni amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining Nukus shahrida va respublikamizning viloyat markazlarida O‘zbekiston—Yaponiya markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz deb yuritiladi) filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Yuklatilgan vazifalarni bajarish, shuningdek Markaz va uning mintaqaviy filiallarini zarur axborot-metodik o‘quv dasturlari bilan ta’minlash uchun belgilangan tartibda Markazga nashriyot-matbaa ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining “O‘zbekiston—Yaponiya markazi (II-bosqich)” loyihasini amalga oshirishga qo‘shadigan ulushi Markazga berilgan imtiyozlarni 5 yil muddatga uzaytirish sifatida:
bo‘shaydigan mablag‘larni Markaz faoliyatini kengaytirishga yo‘naltirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l fondiga pul ajratmalar hamda maxsus o‘quv va madaniy dasturlarni tashkil qilish va o‘tkazishdan, shuningdek Markaz huzurida chop etiladigan o‘quv qo‘llanmalarini sotishdan olingan daromadlar bo‘yicha to‘lanadigan umumdavlat, mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘lashdan;
Yaponiya tarafidan yetkazib beriladigan texnika va asbob-uskunalar, shuningdek Markaz faoliyatiga jalb qilingan xorijiy mutaxassislarning mulki — bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari);
Markaz loyihalarini amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislar — jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan soliq to‘lashdan ozod qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston—Yaponiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi 31-sonli Qarorining 6-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 1-may,
PQ-339-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 5-son, 244-modda)