O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
QIMOR O‘YINLARINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH BILAN BOG‘LIQ NOQONUNIY FAOLIYATNING OLDINI OLISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublikada mustaqillik yillarida demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Ma’naviyati kamol topgan va jismonan sog‘lom yosh avlodni eng yaxshi xalq an’analari, milliy madaniyatimiz, umuminsoniy ma’naviy-axloqiy boyliklar hamda jahon sivilizatsiyasining zamonaviy yutuqlari asosida tarbiyalash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shuning uchun ham qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, qimor biznesi rivojlanishining salbiy oqibatlaridan ogohlantirish masalalari dolzarb ahamiyatga egadir.
Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, milliy urf-odatlarimiz va aholining mentalitetiga yot bo‘lgan qimor o‘yinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlarining uchrashi davom etmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘smirlar va yoshlarni jalb etuvchi yashirin qimorxonalarni tashkil etish faktlari aniqlanmoqda.
Mazkur sohaning davlat tomonidan tartibga solinishini yanada takomillashtirish, aholi, ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar ma’naviyatini muhofaza qilish, ularning qimor o‘yinlariga jalb etilishiga qarshi harakat qilish, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar tashkilotchilarining javobgarligini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) ikki oy muddatda:
joylarga chiqish orqali o‘yin avtomatlari zallarini tashkil qilishda joriy etilgan taqiqlashlarga amal qilish, shuningdek g‘araz maqsadlarni ko‘zlovchi hamda o‘smirlar va yoshlarni shunday o‘yinlarga jalb etuvchi noqonuniy qimor o‘yinlari tashkilotchilarini javobgarlikka tortishga alohida e’tibor bergan holda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni o‘tkazish sohasini tartibga soluvchi Hukumat tomonidan avval qabul qilingan qarorlarning ijrosi ustidan tekshiruvni amalga oshirsin;
tekshiruvlar natijasi bo‘yicha quyidagi sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga va noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil qilish sharoitlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan tegishli qarorlarni qabul qilsin. Bunda shunday o‘yinlarni noqonuniy ravishda tashkil etish va o‘tkazish, qimorxonalarni ushlab turish uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (B. Matlyubov), Davlat soliq qo‘mitasi (B. Parpiyev), Moliya vazirligi (R. Azimov), Bosh prokuraturasi (R. Qodirov) tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yashirin qimor o‘yinlari tashkil etish hamda ularni o‘tkazish uchun qimorxonalarni ushlab turish harakatlarining qat’iy oldini olish va chek qo‘yish, shuningdek ushbu o‘yinlar tashkilotchilarining noqonuniy faoliyatini to‘xtatish ustidan amaliy nazoratni ta’minlasin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, fuqarolarning mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari raislari (oqsoqollari) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa nohukumat jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda aholi orasida, ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar orasida qimor o‘yinlarini noqonuniy tashkil etish va o‘tkazishning oldini olish hamda chek qo‘yish bo‘yicha tarbiyaviy-tushuntirish ishlarini kuchaytirsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari zimmasiga shunga o‘xshash huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, salbiy oqibatlarning oldini olishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish ishlari ustidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.E. Nabiyev zimmalariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 28-mart,
PQ-608-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 13-son, 116-modda; 2017-y., 37-son, 982-modda)