O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAKILLARINI O‘QITISHNI TASHKIL ETISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING GRANTLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyada o‘qitishni tashkil etish uchun Yaponiya Hukumatining 368 mln. Yaponiya yeni va 174 mln. Yaponiya yeni miqdoridagi grantlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining O‘zbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
20 kishidan iborat nomzodlarni tanlab olish Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Azizxo‘jayev Ayirboshlash notalari sifatidagi bitimni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga — Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish uchun beg‘araz yordam mablag‘larini olish va ularga xizmat ko‘rsatishga doir barcha tartibotlarni rasmiylashtirish, shu jumladan stipendiatlarni birgalikda tanlash va Yaponiyaga yuborish;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — yuqorida ko‘rsatilgan beg‘araz yordam hisob-kitobi yuzasidan xizmat ko‘rsatish yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi Ayirboshlash notalarida belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qabul qilingan majburiyatlari bajarilishini ta’minlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mazkur toifadagi yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsin;
ularning xizmat faoliyati ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin.
8. Manfaatdor vazirliklar va idoralar, konsernlar va korporatsiyalar, korxonalar va tashkilotlar magistraturani bitiruvchi yapon grantlari sovrindorlarining ustuvor ravishda ishga qabul qilinishini hamda ularning ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 3-iyun,
256-son