Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“RESPUBLIKA SHOSHILINCH TIBBIY YORDAM MARKAZI VA UNING MINTAQAVIY (VILOYAT) FILIALLARINI TIBBIYOT ASBOB-USKUNALARI BILAN JIHOZLASH” LOYIHASINI ISLOM TARAQQIYOT BANKI ISHTIROKIDA AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturini amalga oshirish, shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Islom taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi “Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning mintaqaviy (viloyat) filiallarini tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda loyiha deb yuritiladi) amalga oshirish uchun haqini boʻlib toʻlagan holda asbob-uskunalar sotish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasiga uch yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 15 yil muddatga 23,799 mln AQSH dollari miqdorida moliyaviy mablagʻlar berilishini maʼqullaganligi;
Islom taraqqiyot banki mablagʻlarining Oʻzbekiston Respublikasiga yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini Islom taraqqiyot banki nomidan sotib olish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Islom taraqqiyot banki oʻrtasida imzolangan haqini boʻlib toʻlagan holda sotish toʻgʻrisidagi bitim asosida berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Islom taraqqiyot banki tartib-qoidalariga muvofiq mablagʻlardan samarali foydalanilishi, shuningdek loyihaning bitimga va amalga oshirish jadvaliga muvofiq samarali amalga oshirilishi uchun masʼul ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
Islom taraqqiyot banki tomonidan berilayotgan mablagʻlarni qaytarish, shuningdek ular boʻyicha ustamalar toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan birgalikda loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitobi 1-ilovaga* muvofiq;
moliyalashtirish manbalari va komponentlari boʻyicha loyihani moliyalashtirish sxemasi 2-ilovaga* muvofiq;
loyihani amalga oshirish uchun Islom taraqqiyot banki tomonidan berilayotgan mablagʻlarni qaytarishning prognoz jadvali 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—3 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
loyiha doirasida bajariladigan ishlar va xizmatlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlash maqsadida loyihani amalga oshirish davri uchun 3 kishidan iborat ishchi guruh tashkil etsin, uni Islom taraqqiyot banki mablagʻlari hisobiga moliyalashtirishni nazarda tutsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda, loyiha doirasida sotib olinayotgan yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini yetkazib berish boshlangunga qadar, ularni oʻrnatish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining viloyat filiallari xonalarini tayyorlashga doir zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Islom taraqqiyot banki mablagʻlari hisobiga yetkazib beriladigan tibbiyot asbob-uskunalarini xarid qilish va davolash muassasalariga olib borish bilan bogʻliq maʼmuriy xarajatlarni sogʻliqni saqlash muassasalari taʼminoti uchun nazarda tutilgan tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshirsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining .2007-yil 28-iyuldagi 156-sonli qarori asosida toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini davlat boji undirmasdan taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 11-may,
120-son