Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
INVESTITSIYa LOYIHALARINI EKSPERTIZADAN OʻTKAZISh SAMARADORLIGINI OShIRISh BORASIDAGI QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 31-dekabrdagi PQ-2463-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tuzilmasini maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, investitsiya loyihalarining ekspertizasini amalga oshirishda davlat va yakka tartibda yondashuvni taʼminlash, byurokratizm, rasmiyatchilik va sansalorlik faktlariga qatʼiyan chek qoʻyish va oldini olish, ekspertiza natijalari uchun mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri zimmasiga vazirlikda oʻtkaziladigan investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslari samaradorligi va haqqoniyligini taʼminlash, shuningdek investitsiya loyihalari hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda qatʼiy nazoratni amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya takliflari monitoringi bosh boshqarmasi bevosita vazirga boʻysunadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri (E.M. Gʻaniyev) bir hafta muddatda ushbu qarordan kelib chiqadigan vazifalarni hisobga olgan holda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya takliflari monitoringi bosh boshqarmasining tuzilmasi va Nizomini qayta koʻrib chiqsin hamda yangilarini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-yanvar,
PQ-554-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 1-2-son, 6-modda)