Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“OʻZKIMYOSANOAT” DAK KORXONALARIDA KIOTO PROTOKOLINING MUSAFFO RIVOJLANISH MEXANIZMI DOIRASIDAGI LOYIHA OʻZ VAQTIDA AMALGA OSHIRILISHINI TAʼMINLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
“Oʻzkimyosanoat” DAK korxonalarida azot chala oksidlari havoga chiqarilishini kamaytirish, ular joylashgan mintaqalarda ekologik muhitni Musaffo rivojlanish mexanizmi doirasidagi loyihalar imkoniyatlaridan foydalangan holda yaxshilash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzkimyosanoat” DAK va “Mitsubisi Korporeyshn” (Yaponiya) kompaniyasi oʻrtasida azot chala oksidini (N2O) havoga chiqarishni kamaytirish loyihasini birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi Bitim tuzildi, keyinchalik Kioto Protokolini imzolagan mamlakatlarda sertifikatlangan kamaytirilgan chala oksidlar chiqindilari hajmlari sotiladi. Bitim quyidagilarni nazarda tutadi:
loyiha boʻyicha umumiy xarajatlar moliyalashtirilishini taʼminlaydigan hajmda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
loyihada ishtirok etuvchi korxonalarda 2007-yilda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirmagan holda agregatlarni rekonstruksiya qilish va uskunalarni almashtirish ishlarini olib borish;
chiqindilarni mavjud darajadan 80 foizga tushirish imkonini beruvchi azot chala oksidini parchalashning yangi texnologiyalaridan foydalanish hisobidan sertifikatlangan azot chala oksidi chiqindilarini kamaytirish;
jahon bozorida sertifikatlangan kamaytirilgan chiqindilarni sotishdan olingan qoʻshimcha daromad, loyiha boʻyicha umumiy xarajatlar chegirib tashlangandan soʻng Oʻzbekiston tomoniga — 80 foiz, “Mitsubisi Korporeyshn” (Yaponiya) kompaniyasiga — 20 foiz proporsiyada taqsimlanadi.
3. “Oʻzkimyosanoat” DAK:
bir hafta muddatda mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhni tashkil etsin;
loyihani amalga oshira boshlashni jadallashtirish maqsadida “Mitsubisi Korporeyshn” (Yaponiya) kompaniyasi mablagʻlari hisobidan BMTning iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi Hadli Konvensiyasi Kotibiyati huzuridagi Musaffo rivojlanish mexanizmining Ijro etuvchi Kengashi tomonidan maʼqullangan metodologiyaga muvofiq jarayon parametrlarini hisobga olish va qayd etish priborlari, monitoring tizimi boʻyicha asbob-uskunalarni tayyorlaydigan zavodlar narxlarida yetkazib berish muddati 2007-yilning 1-martidan kechiktirilmagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilinishini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda “Mitsubisi Korporeyshn” (Yaponiya) kompaniyasi ishtirokida loyihani amalga oshirish uchun ikkilamchi katalizatorlar va boshqa texnologik uskunalarni sotib olishga bir oy muddatda yopiq tender savdolarini eʼlon qilsin;
“Mitsubisi Korporeyshn” (Yaponiya) kompaniyasi ishtirokida bir oy muddatda Kioto Protokoli, xalqaro shartnomalar va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda “Oʻzkimyosanoat” DAK korxonalarida azot chala oksidlari havoga chiqarilishini kamaytirish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqsin
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Aksiyadorlik tijorat “Oʻzsanoatqurilishbank” bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asosini bir bosqichda bir yoʻla ekspertizadan oʻtkazsin;
vakolatli organlar tomonidan mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ekspertizasi yakunlangach, bir hafta muddatda uni belgilangan tartibda Kioto Protokolining Musaffo rivojlanish mexanizmi boʻyicha Idoralararo kengashga (R.S. Azimov) maʼqullash uchun kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” DAK korxonalarida azot chala oksidlari havoga chiqarilishini kamaytirish” loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yilgi va keyingi yillardagi Investitsiya dasturiga kiritsin.
6. Belgilansinki, loyihani bajarish boʻyicha hisob-kitoblar Yaponiyaning birinchi darajali bankida yoki uchinchi mamlakatda ochilgan AT “Oʻzsanoatqurilishbank”ning vakillik hisobvaragʻi orqali amalga oshiriladi.
7. Mazkur loyihani amalga oshirish doirasida Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan import qilinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan materiallar, uskunalar va ular uchun ehtiyot qismlar hamda loyiha-texnika hujjatlariga bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlash muddati 2008-yilning 31-dekabrigacha uzaytirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. “Mitsubisi Korporeyshn” (Yaponiya) kompaniyasi loyihani amalga oshirish doirasida oladigan daromadlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov manbaidan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-sonli qarori tahririda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzkimyosanoat” DAKning talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy kompaniyalar mutaxassislariga, belgilangan tartibda, koʻp martalik vizalar berishni taʼminlab tursin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzkimyosanoat” DAKning talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy kompaniyalar mutaxassislariga koʻp martalik vizalar berish va muddatini uzaytirishni, shuningdek vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish hamda vaqtincha roʻyxatda turish muddati uzaytirilishini taʼminlab tursin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.R. Shoismatov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 25-dekabr,
PQ-540-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 509-modda)