Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN ShAXSIY YoRDAMChI VA DEHQON XOʻJALIKLARIGA ChORVAChILIKNI RIVOJLANTIRISh UChUN IMTIYOZLI MAQSADLI MIKROKREDITLAR BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 2-mayda 1568-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 14-martdagi 6/3-sonli “Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1568-2, 20.03.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-308-sonli qarori 3-bandining ijrosini taʼminlash maqsadida Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida Nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 8-aprel,
9/7-son
Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi PQ-308-sonli “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida ishlab chiqilgan boʻlib, tijorat banklari tomonidan kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar (keyingi oʻrinlarda — mikrokreditlar) berish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Keyingi tahrirga qarang.
shaxsiy yordamchi xoʻjalik — qishloq, ovul va qoʻrgʻonlarda yashovchi fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun uy-joy qurish uchun berilgan uchastkalarining bir qismi — tomorqada oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida oila ehtiyojlari uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish hamda oila ehtiyojidan ortiqchasini dehqon bozorlarida sotish bilan shugʻullanadigan oilaviy xoʻjalik;
Keyingi tahrirga qarang.
dehqon xoʻjaligi — oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan, umrbod egalik qilish uchun oila boshligʻiga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiradigan va realizatsiya qiladigan, yuridik shaxsni tashkil etgan va tashkil etmagan holda faoliyat yuritadigan oilaviy mayda tovar xoʻjaligi.
2. Tijorat banklari tomonidan kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun mikrokreditlar berish mazkur Nizomda belgilangan tartibga binoan qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
3. Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun beriladigan mikrokreditlar miqdori eng kam ish haqining 80 baravarigachani tashkil etadi.
4. Mazkur Nizom asosida mikrokreditlar faqat kam taʼminlangan oilalarga beriladi. Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarini kam taʼminlangan oilalar sifatida eʼtirof etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chorvachilikni rivojlantirish uchun kam taʼminlangan oilalarga mikrokreditlar ajratishga mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻini Kengashlari tavsiyanomalari asos boʻlib xizmat qiladi.
5. Ushbu mikrokreditlar shartnoma asosida 3 yilgacha boʻlgan muddatga, qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi.
6. Chorvachilikni rivojlantirish uchun mikrokreditlar qarz oluvchining xohishiga koʻra pul oʻtkazib berish yoʻli bilan yoki naqd pul shaklida beriladi.
7. Mikrokreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi darajasidan yuqori boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
II. Mikrokreditlarni berish tartibi
8. Shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxslar va dehqon xoʻjaliklari boshliqlari chorvachilikni rivojlantirish maqsadida mikrokredit olish uchun, qoida tariqasida, oʻzlari yashab turgan tumanda joylashgan tijorat banklari filiallaridan biriga mikrokredit berishni soʻrab ariza bilan murojaat etishlari lozim.
9. Mikrokreditlar olish uchun shaxsiy yordamchi xoʻjaligi yurituvchi jismoniy shaxs yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1) chorvachilikni rivojlantirish uchun mikrokredit berishni soʻrab ariza;
2) mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻini Kengashlarining ushbu mikrokredit oluvchi jismoniy shaxsga chorvachilikni rivojlantirish uchun bank tomonidan mikrokredit berilishiga tavsiyanomasi;
3) mikrokreditning qaytarilish taʼminoti haqidagi qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat.
Bundan tashqari, jismoniy shaxs yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi oʻz pasportini shaxsan koʻrsatadi va pasport nusxasi kredit yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi. Dehqon xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi roʻyxatga oluvchi organ tomonidan berilgan guvohnomaning nusxasi ham kredit yigʻmajildiga tikib qoʻyilishi talab etiladi.
10. Mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻinining Kengashlari tomonidan chorvachilikni rivojlantirish uchun bank tomonidan kredit berilishi toʻgʻrisidagi tavsiyanomada shaxsiy yordamchi xoʻjaligi yoki dehqon xoʻjaligida qoramol boqish uchun sharoit mavjudligi, ushbu oila kam taʼminlangan oila ekanligi, uning tarkibida doimiy ish joyiga ega boʻlmagan oila aʼzolari mavjudligi alohida taʼkidlanishi lozim. Tavsiyanoma mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yigʻini Kengashining raisi tomonidan imzolanib, gerbli muhr qoʻyilgan boʻlishi lozim.
11. Qarz oluvchilar mikrokreditlarni qaytarilishini taʼminoti sifatida bankka quyidagi taʼminot turlaridan birini taqdim etishlari mumkin:
mol-mulk garovi;
bank yoki sugʻurta kompaniyasi kafolati;
uchinchi shaxs kafilligi;
qarz oluvchi tomonidan olingan kreditni qaytarilmaslik xatarining bank-benefitsiar foydasiga sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
Mikrokredit hisobiga sotib olingan qoramol mazkur kredit boʻyicha garov predmeti boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Sotib olingan qoramol kreditni qaytarish taʼminoti sifatida garovga olinganda, ushbu qoramol kasallanib oʻlib qolishi, oʻgʻirlanishi, tabiiy ofatlar natijasida nobud boʻlish hollaridan bank (benefitsiar) foydasiga sugʻurta qilinadi.
12. Kafillik bank foydasiga kafil va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan yozma shakldagi 3 (uch) nusxada kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu shartnomaning oxirgi betida kafil va qarzdor imzolaridan keyin, bank tomonidan mazkur kafillik qabul qilinganligi toʻgʻrisida bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va dumaloq muhr qoʻyilgan yozuv kiritiladi.
13. Mikrokredit soʻrab, mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlarni ilova qilingan holda, berilgan arizaning bankka kelib tushgan kundan boshlab, ushbu ariza boʻyicha bank filiali kredit qoʻmitasi tomonidan xulosa berish muddati 5 ish kunidan oshmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Mikrokredit berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, bank arizachiga bu haqda yozma shaklda maʼlum qilishi shart
14. Tijorat banki filiali kredit qoʻmitasining qarori uzil-kesil boʻlib mikrokreditlar berish yoki bermaslik uchun asos hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Mikrokredit shartnomasi tuzilgan kunning ertasidan kechiktirmagan holda bank tomonidan qarz oluvchiga ssuda hisobvaragʻi ochiladi.
16. Mikrokreditlarni berish qarz oluvchining ssuda hisobvaragʻidan qarz oluvchining toʻlov topshiriqnomasiga asosan, kredit shartnomasida koʻrsatilgan summa doirasidagi mablagʻlarni chorvachilikni rivojlantirish uchun pul oʻtkazib berish yoki naqd pul berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
III. Mikrokreditlarni qaytarish tartibi
17. Shaxsiy yordamchi xoʻjaligi yurituvchi jismoniy shaxs tomonidan mikrokreditlar va ularga hisoblangan foizlar bank kassasiga naqd pul topshirish yoki qarz oluvchining omonat hisob varagʻidan pul oʻtkazib berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Dehqon xoʻjaligi mikrokreditning naqd pulda olingan qismi va unga hisoblangan foizlar toʻlovini bank kassasiga naqd pul topshirish yoʻli bilan amalga oshiradi
18. Jismoniy shaxslarga berilgan mikrokreditlar hisobi 14900-sonli “Jismoniy shaxslarga berilgan uzoq muddatli ssudalar” balans hisobvaraqlarida va dehqon xoʻjaliklariga berilgan mikrokreditlarning hisobi 15000-sonli “Yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan uzoq muddatli ssudalar” balans hisobvaraqlarida yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Tijorat banklari tomonidan mikrokreditdan foydalanishning butun muddati davomida fuqarolar yigʻinining mahalla, qishloq, ovul Kengashi masʼul xodimi ishtirokida mikrokreditdan samarali hamda maqsadli foydalanilanayotganligini aniqlash boʻyicha bevosita joyiga chiqib doimiy monitoring amalga oshiriladi.
20. Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanganlik holati aniqlanganda, bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda, kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
21. Mikrokredit boʻyicha qarzdorlikni undirishda birinchi navbatda mikrokreditdan foydalanganlik uchun foizlar undiriladi.
22. Mikrokreditni qaytarish taʼminoti sifatida uchinchi shaxs kafilligi qabul qilingan boʻlib, qarz oluvchi mikrokreditni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatda qaytarmagan taqdirda, bank kafildan mikrokredit va unga hisoblangan foizlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirib oladi.
23. Mikrokredit belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda bank undiruvni garov predmetiga yoki mikrokreditning qaytarilish taʼminoti sifatida taqdim etilgan taʼminotning boshqa shakllariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaratadi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 18-son, 157-modda; 2012-y., 21-son, 236-modda)