ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 12.11.2026 yildagi O‘RQ-1188-son

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, xalq deputatlari Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi belgilandi.
 
Xalq deputatlari Kengashi raisi yo‘qligida yoki u o‘z zimmasidagi vazifalarni amalga oshirishi mumkin bo‘lmagan hollarda uning vakolatlarini Kengash raisining o‘rinbosari bajarib turadi.
 
Shu bilan birga, Kengash Rayosati instituti joriy etildi.
 
Unga ko‘ra, Xalq deputatlari Kengashi Rayosatining tarkibiga Kengash raisi, uning o‘rinbosari, partiya guruhlari rahbarlari, doimiy komissiyalar raislari, shuningdek hokim kiradi.
 
Xalq deputatlari Kengashi Rayosati:
 
Kengash sessiyasining kun tartibi loyihasini shakllantiradi;
xalq deputatlari Kengashining sessiyasini chaqiradi;
doimiy komissiyalarning ishini muvofiqlashtirib boradi.
 
Shuningdek, Qonun bilan Kengash deputatlari savollariga javoblarini eshitish bo‘yicha “Kengash soati” instituti joriy etilishi belgilandi.
 
“Kengash soati”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif Kengash deputatlarining, doimiy komissiyalarning, partiya guruhlarining tashabbusi asosida Kengash Rayosatida ko‘rib chiqiladi.
 
“Kengash soati”ning tashabbuskorlari tomonidan Kengash deputatlarining tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga berish uchun shakllantirilgan savollari Kengash raisi tomonidan tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga yuboriladi.