Qarorga ko‘ra, velosiped sport turlarini yana-da ommalashtirish va rivojlantirishning 2030 yilga qadar asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
mamlakatimizda velosport bilan ommaviy shug‘ullanuvchi aholi qamrovini 30 ming nafarga yetkazish;
velosport bo‘yicha Osiyo qitʼasi miqyosidagi musobaqalarda milliy terma jamoaning eng yuqori ko‘rsatkichga ega 3 talikka kirishini taʼminlash;
velosport bo‘yicha Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalar sonini oshirish va medallar uchun kurashish va boshqalar.
2027 yil martdan aholini velosport turlari orqali sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilish, shuningdek, mazkur sport turining ommaviyligini oshirish maqsadida quyidagi sport musobaqalari va tadbirlari anʼanaviy tarzda o‘tkazib boriladi:
oliy taʼlim tashkilotlari talabalari o‘rtasidagi “Talabalar kubogi” velosport musobaqalari;
zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi “Direktor kubogi” velosport musobaqasi;
nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida “Sening imkoniyating” paravelosport musobaqaci;
tegishli vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston” velosport musobaqasi;
8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami doirasida ayollar o‘rtasida “Bahor malikalari” velomarafoni;
“22 sentyabr – Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida aholi o‘rtasida “Salomatlik sari yo‘l” velomarafoni.
Qarorga ko‘ra, Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyati velosport bo‘yicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash va ularni terma jamoalarga yetkazib berishga yo‘naltiriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan Respublika velosport mahorat maktab-internatida paravelosport yo‘nalishidagi o‘quvchilar qamrovi maktab-internatning umumiy kontingenti doirasida 20 foizga yetkaziladi.
Respublika velosport mahorat maktab-internatining umumiy kontingenti 6–11-sinflardan iborat bo‘lgan 100 nafar o‘quvchi-sportchidan iborat miqdorda saqlab qolinadi.
“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari doirasida velosport bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazib boriladi.
2027/2028 o‘quv yiliga qadar Respublika velosport mahorat maktab-internati tomonidan O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablari o‘quvchilari foydalanadigan video-mahsulotlar yaratiladi.
Toshkent shahar hokimligi tomonidan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2027 yil martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida “Toshkent tajribasi” sifatida hududdagi zarur infratuzilmaga ega bo‘lgan umumtaʼlim maktablarini 2027–2028 yillarda bosqichma-bosqich velosipedlar bilan taʼminlash va trenerlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.