ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 10.11.2026 yildagi PF-242-son

Quyidagilar Milliy dasturlarni amalga oshirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
 
bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish;
aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini taʼminlash;
yuqori texnologiya va mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish.
 
Quyidagilar bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
 
6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish;
 
nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni saqlab qolish va ularning samaradorligini baholash;
 
barcha umumtaʼlim maktablarini bosqichma-bosqich xalqaro baholash dasturlari bilan qamrab olish;
 
kamida 10 ta oliy taʼlim tashkilotini nufuzli xalqaro reytinglarining top-1000 talik ro‘yxatiga kiritish;
 
10 mln nafar yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilish va boshqalar.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini taʼminlash bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
 
aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazish;
 
sog‘liqni saqlash tizimida profilaktikaga asoslangan salomatlikni asrash modeliga o‘tish;
 
ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sohasida raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning kamida 5 ta nufuzli klinikasini jalb qilish va boshqalar.
 
Quyidagilar sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
 
huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni umumtaʼlim maktablaridan boshlab tizimli asosda yo‘lga qo‘yish;
 
kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralarini kuchaytirish;
 
xotin-qizlar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni kuchaytirish va boshqalar.
 
Quyidagilar mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
 
davlat dasturlarini mahallalarning talab va ehtiyojlari asosida shakllantirish;
 
mahalla buyurtmalari yuzasidan 30 kunlik muddatda asoslantirilgan qaror qabul qilish tartibini joriy etish.