ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 04.11.2026 yildagi PQ-392-son

Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha uzoq va qisqa muddatli master reja (Master reja) asosida davlat va xususiy sektor ishtirokidagi quyidagi mexanizmlar joriy etiladi:
 
tibbiyot sohasiga xususiy sektorni tegishli hududda tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining mavjud quvvatlarini inobatga olgan holda jalb qilish;
 
davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiyot muassasalarini davlat tasarrufida saqlash hamda ularning quvvatlarini aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojiga mutanosib ravishda rivojlantirish;
 
faoliyatining samaradorligini oshirish, ilg‘or boshqaruv tajribasi va zamonaviy klinik texnologiyalarni joriy etish zarur bo‘lgan alohida tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilarni jalb qilish va boshqalar.
 
2027 yil 1 yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida (tibbiyot muassasalari) tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi. Bunda:
 
autsorsing shartnomalari xizmatning xususiyati va autsorser tomonidan kiritiladigan investitsiyalar hajmidan kelib chiqib, 5 yilgacha muddatga tuziladi;
 
alohida hollarda investitsiyani qoplash muddatidan kelib chiqib, istisno tariqasida, Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasi asosida autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar 10 yilgacha muddatga tuzilishi mumkin;
 
yangi tartib joriy etilgunga qadar muddati tugaydigan autsorsing loyihalarini 2027 yil yakuniga qadar davom ettirishga ruxsat etiladi.