Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish:
5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra:
ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga daʼvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarkatish yoxud namoyish etish maksadida tayyorlash, saklash:
huquqbuzarlik ashyosini musodara qilib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, qonun hujjatlaridagi “diniy ekstremizm” so‘zlari “ekstremizm” so‘zi bilan almashtirildi.
“Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan Ekstremistik tashkilotlarning, materiallarning (manbalarning) elektron reyestri yuritiladi.
Elektron reyestr Adliya vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va hamma tanishib chiqishi uchun ochiq hisoblanadi.
Elektron reyestrga quyidagilar kiritiladi:
ekstremistik faoliyatga aloqadorligi munosabati bilan faoliyati to‘xtatib turilgan tashkilotlar;
ekstremistik tashkilot deb topilgan tashkilotlar;
ekstremistik material deb topilgan materiallar;
telekommunikatsiyalar yoki Internet tarmog‘idagi tizimli ravishda (1 yil mobaynida 2 va undan ortiq marotaba) ekstremistik materiallar joylashtirilgan va tarqatilgan elektron manbalar.
Materialni (manbani) ekstremistik deb topish to‘g‘risidagi iltimosnoma ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan Bosh prokuraturaga taqdim etiladi.
Iltimosnomaga materialda (manbada) ekstremistik material mavjud ekanligini tasdiqlovchi ekspertiza xulosasi ilova qilinadi.
Bosh prokuratura materialni (manbani) ekstremistik deb topish to‘g‘risidagi hujjatlarning asosliligini tekshiradi.
Unga rozi bo‘lgan taqdirda, materialni (manbani) ekstremistik deb topish to‘g‘risidagi ariza Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari tomonidan Oliy sudga kiritiladi.
Oliy sud tomonidan materialni (manbani) ekstremistik deb topish ushbu Qonunnda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.