Farmonga ko‘ra, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida 2026 yil noyabr oyida quyidagilarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
Ijtimoiy reyestrga (Reyestr) kiritilgan oilalarga;
“mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati bo‘yicha Reyestrga kiritish mezonlariga mos keladigan oilalarga, jumladan:
oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan oilalarga;
markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalarga. Bunda mazkur oilalarning har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan hamda Toshkent shahrida 3 barobaridan oshmasligi lozim;
barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tuman (shahar) shtablari qaroriga muvofiq har bir oila aʼzosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi yuqorida nazarda tutilgan mezonlardan oshgan ayrim ehtiyojmand oilalarga;
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestridagi fuqarolarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga.
Farmonga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida oilalarning ehtiyojmandligini aniqlashda oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni quyidagicha oshiriladi:
elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli bo‘yicha kompensatsiya tayinlashda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha;
ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam ajratishda – minimal isteʼmol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha;
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kommunal xarajatlarni qoplash yoki kommunal to‘lovlar bo‘yicha mavjud qarzdorlikni bartaraf etishda hamda ko‘mir yoki boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan taʼminlash xarajatlarini qoplashda –minimal isteʼmol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha.
Aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli bo‘yicha bazaviy meʼyor doirasidagi tariflar bilan bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmol uchun belgilangan tariflar o‘rtasidagi farqni kompensatsiya qilish muddati 2028-yil 1-aprelga qadar, ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam to‘lash muddati esa 2029 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.