Qarorga ko‘ra, liftlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzish va bekor qilish, texnik xizmat ko‘rsatish natijalarini kiritish va saqlash “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Liftlar vakolatli organ tomonidan bepul ro‘yxatga olinadi. Dastlabki texnik ko‘rikning ijobiy natijalariga asosan lift ikki ish kuni ichida ro‘yxatga olinadi va buyurtma beruvchiga QR-kodli maʼlumotnoma yuboriladi.
Bino boshqaruvchisi liftga har oyda kamida bir marta texnik xizmat ko‘rsatilishini taʼminlashi shart.
Lift kabinasining ko‘rinarli joyida:
belgilangan shakldagi identifikatsiya raqami;
lift ro‘yxatga olingani haqida QR kodli maʼlumot;
bino boshqaruvchisi va texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning nomi, manzili va bog‘lanish uchun maʼlumotlar bo‘lishi lozim.
Yo‘lovchi tashuvchi liftda liftni yuk ko‘tarish qobiliyatidan qatʼi nazar, qurilish materiallari, qurilish chiqindilari va lift gabaritiga mos kelmaydigan barcha turdagi buyum, narsa yoki jihozlarni hamda portlovchi, tez alangalanadigan, radioaktiv moddalarni va zaharlilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan moddalarni tashish taqiqlanadi.
Elektron platforma orqali sotib olinmagan va o‘rnatilmagan lift va ehtiyot qismlardan foydalanish taqiqlanadi.
O‘rnatuvchi tomonidan muomalaga chiqarilgan har bir lift muomalaga chiqarilgan sanadan eʼtiboran kamida uch yil muddat bilan kafolatlanadi. Kafolat muddatida taʼmirlash ishlari va lift qismlarini almashtirish muddati o‘n besh kundan oshmasligi kerak.
“Qizil” rangli maʼlumot yorlig‘i bilan belgilangan liftdan foydalanish taqiqlangan davrda texnik xizmat ko‘rsatilmaydi va bu davrda texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bino boshqaruvchisidan har oylik texnik xizmat haqini talab qila olmaydi.
Texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestriga kirish onlayn xabar berish yo‘li bilan bepul amalga oshiriladi.