Qarorga ko‘ra, maqsadli dasturlar doirasida moliyalashtiriladigan obyektlarni qurish-taʼmirlash ishlari bo‘yicha buyurtmachi xizmatlarini ko‘rsatishda:
byudjet tizimi byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar bo‘yicha mualliflik nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar shartnomada alohida ko‘rsatiladi va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish qiymatining 10 foizi miqdorida belgilanadi;
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun tuziladigan shartnomalarga muvofiq loyiha tashkilotlariga bir marta 30 foiz miqdorida oldindan bo‘nak to‘lovi to‘lanadi;
loyihalashtirish topshiriqlari raqamli formatda va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi talab etiladi;
ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi (MAT) orqali qabul qilinadi va avtomatik ravishda bir ish kunida ekspertizaga yuboriladi.
“Shaffof qurilish” MATda obyektlarni loyihalashtirish topshiriqlarining raqamlashtirilishi bosqichma-bosqich taʼminlanadi:
2026 yil 1 dekabrga qadar — maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlari obyektlari;
2027 yil 1 sentyabrga qadar — sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi obyektlar;
2028 yil 1 iyunga qadar — qolgan boshqa yo‘nalishdagi obyektlar.
2027 yil 1 martdan boshlab maqsadli dasturlar doirasida byudjet tizimi byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarida yagona yondashuv joriy qilinadi. Bunda:
namunaviy va takroriy qo‘llanadigan loyihalar “Shaffof qurilish” MATga joylashtiriladi;
qurilishi tasdiqlangan namunaviy loyihalarga asosan ularni joyiga bog‘lash orqali amalga oshiriladi (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bundan mustasno);
obyektlarning loyiha hujjatlariga ijobiy ekspertiza xulosasi olinib, buyurtmachi xizmatining ichki buyrug‘i bilan tasdiqlanganidan so‘ng asoslantirilmagan qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilishi taqiqlanadi.
Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan obyektning qiymati loyiha tashkilotini aniqlash uchun foydalanilgan dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 baravardan yuqori yoki kamni tashkil etganda, loyiha-qidiruv ishlarining qiymati qayta hisoblab chiqiladi.