ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Uzluksiz taʼlim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 19.10.2026 yildagi PQ-379-son

Qarorga ko‘ra, barcha taʼlim tashkilotlarining pedagog (tarbiyachi) va o‘quvchilari (tarbiyalanuvchilari, talabalari) bir o‘quv yilida kamida bir marotaba maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi.

Bunda ushbu tizim:

birinchi bosqichda — 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida;

ikkinchi bosqichda — 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida joriy etiladi.

Psixologik diagnostika quyidagi tartibda tashkil etiladi:

diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada yuritiladi, shaxsga doir maʼlumotlar va diagnostika natijasida maʼlum bo‘lgan maʼlumotlarning sir saqlanishi taʼminlanadi;

natijalar sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali tahlil qilinib, pedagog va o‘quvchilar “psixologik barqaror”, “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhlariga ajratiladi;

“psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” guruhiga kiritilganlarga taʼlim tashkilotining psixologi, “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhiga kiritilganlarga esa tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi.

Kaskadli malaka oshirish kursiga o‘qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga bu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

O‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni taʼminlashda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi.

Taʼlim tashkilotlari psixologik xizmat xodimlari besh yilda kamida bir marotaba malakasini oshirishi shart etib belgilanadi.

Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va Taʼlim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Institutda 2027 yil 1 yanvardan boshlab Raqamli psixologiya va sunʼiy intellekt, Taʼlim psixologiyasi va psixologik xizmat, Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.