ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 20.10.2026 yildagi O‘RQ-1183-son

Qonunga ko‘ra, Soliq kodeksining 111 va 112-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bunda:

soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan qabul qilinishi mumkin;

soliq to‘lovchi (soliq agenti) ushbu qaror yuzasidan eʼtiroz bildirgan taqdirda, operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining eʼtiroz taqdim etilgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay bergan arizasiga asosan sud tomonidan qabul qilinishi mumkin;

bunda operatsiyalar sud tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turiladi.

Shuningdek:

Soliq kodeksi 111-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, soliq organi operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorini Soliq kodeksining 112-moddasiga muvofiq bekor qiladi;

Soliq kodeksi 112-moddasining birinchi qismiga yangi asos qo‘shildi: operatsiyalarni to‘xtatib turishni rad etish to‘g‘risidagi sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kun.

Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishga ko‘ra, banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

soliq to‘lovchi tomonidan operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladigan qonun talablari buzilganligini tasdiqlovchi dalil;

soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga operatsiyalar to‘xtatib turilishi to‘g‘risida xabarnoma yuborilganligining dalili;

soliq to‘lovchining soliq organining qarori yuzasidan bildirgan eʼtirozi.