Qarorga ko‘ra, Taʼlim va ilm-fan vazirligi taʼlim, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirlikda autsorsing asosida quyidagi faoliyat yo‘lga qo‘yiladi:
aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va eʼtirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish maqsadida “Call-markaz”;
aholi hamda taʼlim va ilm-fan tizimi xodimlari bilan tizimli muloqotni taʼminlash, taʼlim xizmatlari sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi.
Taʼlim va ilm-fan vaziri huzurida taʼlim oluvchilar, talabalar, ota-onalar, pedagoglar va ish beruvchilar vakillaridan iborat Taʼlim bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil etiladi.
Vazirlik hayʼati vazir (hayʼat raisi), uning o‘rinbosarlari, Vazirlik huzuridagi agentliklar direktorlari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari, olimlar va pedagoglar orasidan 15 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
Vazirga istisno tariqasida Vazirlikning markaziy apparatiga 2027 yil 1 fevralga qadar xodimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati beriladi.
Shuningdek:
Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz taʼlim strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etiladi;
Vazirlik huzurida Inson kapitalini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Taʼlim va ilm-fan bo‘yicha strategik tadqiqotlar va baholash markazi tashkil etiladi;
Vazirlik huzurida Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil qilinmoqda, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Taʼlimni rivojlantirish markazi faoliyati tugatilmoqda.