ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uni keng targʻib qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 19.10.2026 yildagi 575-son

Qarorga ko‘ra, 2030 yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050 yilligi tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan “yo‘l xaritasi”da, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:

2026 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino – G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;

oliy tibbiyot taʼlim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar hamda davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar, ochiq maʼruzalar tashkil etish;

xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, allomaning xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini jamlash;

“Moʻjaz al-Qonun”, “Qonuncha”, “Al-Ishorat va at-tanbihot”, “Donishnoma”, “Kitob ash-Shifo”, “Sharq falsafasi” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash;

“Ibn Sino” xalqaro mukofotini taʼsis etish.

Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif maʼqullandi. Markazning asosiy vazifalari:

Ibn Sino tibbiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazish, natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llash;

qo‘lyozmalarni jamlash, o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish;

tibbiyot xodimlari va tibbiyot tarixiga qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari va mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish.

Markaz Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.