Qarorga ko‘ra, degradatsiyaga uchragan yaylov yerlari maydoni 2026 yil yakuniga qadar 10 foizga, 2027 yil yakuniga qadar kamida 20 foizga qisqartiriladi.
Asosiy o‘zgarishlar:
2026 yil 1 oktyabrdan hisoblangan yaylov yerlaridan foydalanish uchun ijara to‘lovlari hududiy yaylov xo‘jaliklariga to‘lig‘icha o‘tkaziladi;
2027 yil 1 yanvardan boshlab bir bosh yirik shoxli va bir bosh mayda shoxli mol uchun to‘g‘ri keladigan maydon meʼyorlari geobotanik tahlil asosida Chorvachilik agentligi tomonidan tasdiqlanadi (hududlar kesimida besh gektardan oshmagan miqdorda);
yaylov yerlari “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga ajratiladi: “yashil” hududlarda o‘tlatishga ruxsat beriladi, “sariq” hududlarda majburiy tartibda almashlab o‘tlatish joriy etiladi, “qizil” hududlarda chorva mollarini o‘tlatishga kamida 3 yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi;
2028 yil 1 yanvardan boshlab yaylovlarni sug‘urtalash tizimi joriy qilinadi: sug‘urta mukofotining 50 foizi yaylovdan foydalanuvchilar tomonidan, qolgan 50 foizi Qishloq xo‘jaligi sug‘urta jamg‘armasi tomonidan respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
jamoat yaylovlari tashkil etiladi: ular xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qaroriga asosan hududiy yaylov xo‘jaliklari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlariga 49 yil muddatga bepul ijaraga beriladi; ijaraga berilgan yaylov yer maydonlariga soliq solishning nol stavkasi qo‘llanadi;
Qashqadaryo viloyatining Nishon va G‘uzor tumanlaridagi barcha mavjud yaylovlarda sunʼiy yo‘ldosh kuzatuv tizimi 2027 yil 1 martga qadar tajriba tariqasida joriy qilinadi;
Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklari ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan 2026–2028 yillarda 4 100 gektar urug‘chilik maydonlari tashkil etish prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.