Qarorga ko‘ra, 2026–2030 yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan:
transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 mln tonnaga yetkaziladi;
transport va logistika xizmatlari eksporti 3,5 mlrd AQSH dollariga, respublika hududi orqali tranzit yuk tashish hajmi 18,5 mln tonnaga yetkaziladi;
respublikadagi barcha talablarga javob beruvchi xalqaro quruqlik portlari soni hozirgi 24 tadan 30 taga yetkaziladi;
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati va transport-logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobarga oshiriladi.
Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi;
transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi hamda ular 2030 yil oxirigacha Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi;
2040 yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi (buning uchun markaz ESKATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan, tizimlarni joriy etgan va “E-logistika” platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi shart);
Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun 2029 yil 1 avgustgacha ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va extiyot qismlar bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi;
2026 yil 1 noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi;
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 31 dekabrgacha M₂, M₃, N toifadagi transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lashsiz import qilishi mumkin.