ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oliy taʼlimda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 29.09.2026 yildagi PF-209-son

Farmonga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan OTMlarda ish beruvchi korxonalarning buyurtmalari asosida va bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashning tizimi joriy etiladi. Bunda,
 
dual taʼlim shakliga qabul amalga oshiriladigan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari hamda qabul parametrlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda OTM tomonidan belgilanadi;
 
dual taʼlim shakliga qabul ish beruvchi korxona buyurtmasiga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida har yili 1-oktyabrga qadar amalga oshiriladi.
 
Dual taʼlim OTM, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan tashkil etiladi:
 
korxona zimmasiga talabaga o‘qish davri davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda oylik ish haqi to‘lash;

talabaning zimmasiga bitirgandan so‘ng kamida 2 yil mazkur korxonada ishlab berish majburiyatlari yuklanadi.

Farmonga ko‘ra, dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga ijtimoiy stipendiya to‘lanadi.

Muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi taʼlim sohalari bo‘yicha dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini 2-kursdan boshlab davlat granti kvotalari doirasida davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
 
Talabaning dual taʼlim shaklida tahsil olgan davri uning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.
 
2027 yil 1 yanvardan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxonalar uchun talabalarga biriktiriladigan murabbiylarni tayyorlash maxsus kurslarini tashkil etiladi.

2027/2028 o‘quv yili yakunidan boshlab dual taʼlim shakli bo‘yicha OTM va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi.
 
Eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 tadan OTM va korxonalar reytingdagi o‘rniga mos ravishda 1, 2, 3 milliard so‘mdan rag‘batlantiriladi.

2027 yil 1 yanvardan korxonalarga quyidagi yo‘nalishlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan har bir talaba uchun to‘langan ish haqi xarajatlarining 50 foizi o‘quv yili yakunida subsidiya shaklida qoplanadi:

muhandislik ishi;
ishlab chiqarish va ishlov berish;
arxitektura va qurilish;
qishloq xo‘jaligi taʼlim sohalari.

Korxonalarga dual taʼlim shakliga qabul qilgan talabalar soniga mutanosib ravishda “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” platformasida qo‘shimcha ballar beriladi.

Korxonalar tomonidan OTM hududida dual taʼlim shakli uchun amaliyot bazasini tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun olib kelingan jihozlar, uskunalar, laboratoriya jihozlari uchun bojxona boji stavkasi 2030 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi.
 
Dual taʼlim dasturi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uchun korxonalar tomonidan xarid qilingan o‘quv uskunalari va jihozlarga nisbatan 3 yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qo‘llash huquqi beriladi.