Qarorga ko‘ra, pensiya taʼminotiga oid fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar 2027 yil 1 yanvarga qadar to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkaziladi.
Pensiya taʼminotiga oid quyidagi xizmatlar fuqarolardan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda ko‘rsatiladi:
2026 yil 1 noyabrdan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya tayinlash;
2027 yil 1 yanvardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash.
2027 yil 1 yanvardan “Mening pensiyam” onlayn xizmati doirasida pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1 yanvardan Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar hamda maʼlumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Quyidagi xizmatlar fuqarolarning xohishiga ko‘ra, interaktiv shaklda ko‘rsatiladi:
2026-yil 1-noyabrdan mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda boshqa umumiy belgilangan yoshni qisqartirgan holda pensiya olish huquqi mavjud shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;
2026-yil 1-dekabrdan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilish;
2027 yil 1 yanvardan pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish va to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash.
2026-yil 1-oktyabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida faoliyatni amalga oshiruvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliq to‘laganda, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.
Shuningdek, 2027-yil 1 yanvardan rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxslarga ishlamaydigan oila aʼzolari ish stajiga ega bo‘lishi uchun har oyda ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi.