ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 22.09.2026 yildagi PF-202-son

Qarorga ko‘ra, Energetika vazirligi (Vazirlik) tomonidan yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari va isteʼmolchilariga shartnomaviy, xizmat ko‘rsatish va boshqa xo‘jalik munosabatlari bo‘yicha individual tusdagi ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilinadi.
 
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (Regulyator) zimmasiga elektr energiyasi bilan bir qatorda tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish hamda tartibga solish vazifalari yuklatiladi.
 
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga (Inspeksiya) qoidabuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish, xavflarni erta aniqlashga qaratilgan preventiv nazorat modeliga asoslangan vazifalar yuklatiladi.
 
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari tegishliligi bo‘yicha yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bo‘yicha xo‘jalik (tijorat) faoliyatini amalga oshirish vazifasini bajaradi.
 
2027 yil 1 iyuldan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi faoliyatining shaffofligi, tezkorligi va samaradorligini taʼminlash maqsadida Yoqilg‘i-energetika sohasida idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi (Raqamli platforma) joriy etiladi.
 
Bunda Raqamli platforma orqali:
 
faoliyati tartibga solinadigan korxonalar tomonidan tarif buyurtmalari hamda tariflarni hisoblash uchun zarur bo‘lgan moliyaviy, texnik va boshqa maʼlumotlarni elektron shaklda qabul qilish va qayta ishlash taʼminlanadi;
 
tarif hisob-kitoblari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tariflarni shakllantirish tartibi asosida avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.