Farmonga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot taʼlimi sohasiga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlari taʼlim yo‘nalishlari kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi (Vazirlik) tomonidan tasdiqlanadi. Bunda:
Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni o‘rganish bo‘yicha asosiy ishchi organ hisoblanadi;
qabul ko‘rsatkichlari tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqib, hududlar ehtiyoji, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji hamda tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda shakllantiriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlarida:
davolash ishi bakalavriat taʼlim yo‘nalishi negizida “5+1” shaklidagi (bitiruvchi kurs talabalari bir yil to‘liq amaliyot o‘tashi shaklida) 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yo‘nalishi joriy etiladi;
amalda davolash ishi bakalavriat taʼlim yo‘nalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarning o‘quv jarayonlari yangi moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi;
umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega bo‘ladi va ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi;
tibbiyot sohasining barcha bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi;
stomatologiya yo‘nalishida talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.
Farmonga ko‘ra, unga ko‘ra tor soha mutaxassislarini tayyorlashda klinik ordinatura negizida xalqaro standartlar asosida davomiyligi tabaqalashtirilgan rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda:
rezidenturada tor soha mutaxassislarini tayyorlash davlat tibbiyot taʼlim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida davlat granti asosida amalga oshiriladi;
2026/2027 o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura tashkil etiladi hamda bitiruvchilarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi;
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab:
tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va ordinaturaga qabul to‘xtatilishi hamda tibbiyot yo‘nalishidagi tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini qisqartirish hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar mutaxassislarni rezidenturada tayyorlashga yo‘naltiriladi;
davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga Davlat byudjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyent miqdorida stipendiya to‘lanadi;
rezidentura taʼlim dasturlarini o‘zlashtirganlarga Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi taʼlim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Farmonga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab:
tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi;
magistratura qabul parametrlarining qisqarishiga qadar bo‘lgan miqdorining 20 foizgacha qismi magistratura dasturlari uchun saqlanadi;
tibbiyot sohasida magistratura dasturi orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi;
magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qishga oliy maʼlumotga ega nomutaxassis, biroq turdosh sohalarda taʼlim olganlarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi;
magistratura dasturlari ilmiy-pedagogik (nomutaxassislardan faqat ilmiy) va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi;
nodavlat tibbiyot va taʼlim tashkilotlariga tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, tashkilotning o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlari bo‘yicha o‘qishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.
Oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura talabalari Vazirlik tomonidan tibbiyot oliy taʼlim tashkilotiga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi. Bunda:
oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmatlar tibbiyot oliy taʼlim tashkiloti professor-o‘qituvchilari hamda rezidentura talabalari tomonidan ham ko‘rsatiladi;
oilaviy poliklinikada rezidentura talabalari bir vaqtning o‘zida ham taʼlim oladi, ham amaliyot bilan shug‘ullanadi.