ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 11.09.2026 yildagi O‘RQ-1174-son

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, taʼlim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan:
 
tarbiya va taʼlim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek belgilangan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, –
 
BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
 
Davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq taʼminotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan otani yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘zda tutildi.
 
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari jalb etilishi belgilandi.
 
Shuningdek, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 1 yil muddat davomida quyidagi taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi:
 
maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim tashkilotlari;
professional taʼlim tashkilotlari;
bolalar uchun qo‘shimcha taʼlim tashkilotlari.