Ushbu Maʼmuriy reglament xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida ishtirok etish uchun turoperatorlar, joylashtirish vositalari, transport tashkilotlari va turizm sohasida faoliyat yuritadigan boshqa tadbirkorlarni aniqlash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Markaz har bir xalqaro turizm yarmarkasi va ko‘rgazmasi o‘tkazilishidan kamida 120 kalendar kun oldin bu haqidagi eʼlonni o‘zining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga joylashtiradi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.
Bunda ariza quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:
viza talab qilinadigan davlatlarda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun – xalqaro tadbir to‘g‘risida eʼlon berilgan kundan boshlab (biroq, tadbir o‘tkazilishidan kamida 100 kalendar kun oldin);
viza talab qilinmaydigan davlatlarda ishtirok etish uchun – xalqaro tadbir to‘g‘risida eʼlon berilgan kundan boshlab (biroq, tadbir o‘tkazilishidan kamida 30 kalendar kun oldin).
Xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun turizm sohasi subyektlari quyidagi toifalar bo‘yicha aniqlanadi:
I toifa – turoperatorlar;
II toifa – joylashtirish vositalari;
III toifa – transport va aviatsiya tashkilotlari;
IV toifa – ishtirok etish istagini bildirgan turizm sohasida faoliyat yuritadigan boshqa tadbirkorlik subyektlari.
Xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun ajratilgan joylar soni quyidagi toifalarga bo‘linadi:
turoperator uchun – 60 foiz;
joylashtirish vositalari uchun – 15 foiz;
transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun – 15 foiz;
turizm sohasida faoliyat yuritadigan boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun – 10 foiz.