Ushbu Nizom davlat oliy taʼlim tashkilotlarining iqtidorli talabalari o‘rtasida “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovini o‘tkazish, ularning startap loyihaga aylantirish imkoniyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarini saralash va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, tanlov har yili sentyabr – dekabr oylarida o‘tkaziladi.
Tanlov 2 bosqichda tashkil qilinib, 1-bosqich barcha davlat oliy taʼlim tashkilotlarida o‘zlarining talabalari uchun o‘tkaziladi.
Respublika bosqichi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi.
Taʼlim tashkilotlari har yili 10-sentyabrda tanlovning 1-bosqichiga arizalar qabuli boshlangani to‘g‘risida eʼlon beradi.
Tanlovda talabgorlar har yili 10-oktyabrga qadar saralash komissiyasi nomiga ariza berish orqali faqatgina bitta innovatsion g‘oya bilan ishtirok etadi.
Tanlovnda innovatsion g‘oyalar saralash va tanlov komissiya aʼzolari tomonidan quyidagi 100 ballik mezonlar asosida baholanadi:
innovatsion g‘oyaning ilmiy va innovatsion yangiligi – 20 ballgacha;
innovatsion g‘oyaning dolzarbligi – 20 ballgacha;
mavjud analoglardan farqi – 20 ballgacha;
xarajatlar smetasining asoslangani – 20 ballgacha;
innovatsion g‘oyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – 20 ballgacha.
Tanlovning 1-bosqichida g‘oliblar quyidagi miqdorda grant mablag‘lari bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin uchun – 50 mln so‘m;
2-o‘rin uchun – 30 mln so‘m;
3-o‘rin uchun – 20 mln so‘m.
Tanlovning respublika bosqichida g‘olib deb topilgan innovatsion g‘oyalar Agentlik, talabgor va tashkilot o‘rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq quyidagi miqdorda moliyalashtiriladi:
1-o‘rin uchun – 500 mln so‘m;
2-o‘rin uchun – 300 mln so‘m;
3-o‘rin uchun – 200 mln so‘m.