ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 26.08.2026 yildagi PQ-302-son

Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash hamda qo‘riqlash faoliyati (jamoat xavfsizligini taʼminlash) yo‘nalishlarida kadrlarni tayyorlash maqsadida:
 
Universitetning yillik qabul kvotalari bakalavriat taʼlim yo‘nalishining kunduzgi taʼlim shakliga 600 nafar kursantgacha, masofaviy taʼlim shakliga 300 nafar tinglovchigacha oshirilib, ularning 3/4 qismi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi kadrlarni tayyorlashga ajratiladi;
 
Universitet tomonidan Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun kadrlar tayyorlashda qabul kvotalari va mutaxassislik (yo‘nalish)lar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti bilan kelishilgan holda belgilanadi;
 
Universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini taʼminlash yo‘nalishi uchun yurisprudensiya sohasida oliy maʼlumotga ega kadrlarni tayyorlash:
 
bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida “Yurisprudensiya (“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Jamoat tartibini saqlash faoliyati”, “Yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati” va “Qo‘riqlash faoliyati”)” yo‘nalishlari, masofaviy taʼlim shaklida esa “Yurisprudensiya (“Jamoat xavfsizligini huquqiy taʼminlash”)” yo‘nalishi bo‘yicha;
 
ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun magistraturada o‘qitish “Jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, Universitet bakalavriat taʼlim yo‘nalishida:
 
Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislarni tayyorlash kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti asosida;
 
masofaviy taʼlim shaklida Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun davlat granti asosida, oliy maʼlumotga ega bo‘lgan hamda Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun to‘lov-kontrakt asosida;
 
kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
 
Universitetning dual taʼlim tizimida har bir kursant va tinglovchiga o‘qishni boshlashidan uni tamomlanguncha bir nafardan tajribali amaliyotchi-mutaxassisni mentor-tyutor sifatida biriktirish tartibi joriy etiladi.
 
Har yili oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlari kursantlari o‘rtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiadasi tashkil etiladi hamda g‘olib bo‘lganlarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
 
Universitet taʼlim jarayonining sifat ko‘rsatkichlari va kelgusidagi strategiyasi bitiruvchilarning 5 yil davomidagi kasbiy o‘sishi hamda xizmat samaradorligi monitoringi natijasi orqali belgilanadi.
 
Universitet tomonidan byudjet, byudjetdan tashqari mablag‘lar hamda grantlar hisobidan har yili professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, doktorantlar va magistrlarning kamida 30 nafarini hamkor xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashish uchun yuborish amaliyoti joriy etiladi.