Farmonga ko‘ra, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
bojxona maʼmurchiligini yana-da takomillashtirish va boshqalar.
2026-yil 1-sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni taʼminlash;
tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni taʼminlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan:
soliq organlarida xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;
tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati va fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi;
2027-yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibini soddalashtirishga qaratilgan quyidagi choralar ko‘riladi:
xavf darajasi past tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilish;
bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qatʼiy bojxona qiymatini belgilashni taqiqlash;
bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyotini joriy etish;
tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilishda rasmiy diller va distribyutorlarning narx maʼlumotlaridan foydalanish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.
2027-yil 1-iyundan jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlari miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Farmonga ko‘ra, 2027 yil 1 iyundan:
bojxona nazorati jarayonida tovarning kelib chiqish sertifikati va taqdim etilgan hujjatlar o‘rtasida tovarning xususiyatiga taʼsir etmaydigan kichik tafovutlar aniqlanganda, ushbu tafovutlar sertifikatni rad etishga asos bo‘lmaydi;
eksport qilishda ekologik sertifikat eksport qiluvchining ixtiyoriy murojaatiga asosan rasmiylashtiriladi;
tranzit deklaratsiyalarini transport vositalari chegara bojxona postiga yetib kelishidan oldin taqdim etish tartibi joriy etiladi;
dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishning quyidagilarni o‘z ichiga olgan yangi soddalashtirilgan amaliyoti joriy etiladi:
dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasi vakolatli idoralar tomonidan tovarlarga sertifikat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish uchun ariza sifatida qabul qilinadi;
vakolatli idoralar tomonidan dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasi asosida xavf darajasi past bo‘lgan tovarlarga sertifikat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar oldindan beriladi;
yakuniy deklaratsiyada vakolatli idoralar tomonidan berilgan sertifikat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni aks ettirish amaliyoti bekor qilinadi;
dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasi asosida olib kirishga ruxsat berilgan tovarlar chegara bojxona postiga yetib kelganda, ularning xavf darajasi asosida tezlashtirilgan tartibda chiqariladi.
2027 yil 1 yanvardan yagona bojxona to‘lovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 2 AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.