Farmonga ko‘ra, kichik tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy eʼlon qilinishi belgilandi (bundan jinoyat ishi doirasida, inson sog‘lig‘iga taʼsirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi, fuqarolar murojaatlari, QQSni qoplash (qaytarish) va tadbirkorlik subyekti tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshirishlar mustasno).
Moratoriy amal qilish davrida:
kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish noqonuniy hisoblanadi va ushbu huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan “Samarali nazorat” tadbiri o‘tkaziladi. Bunda:
nazorat organlarining oxirgi 3 yillik tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda to‘liq o‘rganib chiqiladi;
o‘rganish yakunlari bo‘yicha nazorat organlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘riladi;
tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgan hamda noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda faoliyati tekshirilgan tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi.
Farmonga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab:
2028 yil 31 dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida o‘rta va yirik tadbirkorlar tomonidan o‘z faoliyatini auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lash bo‘yicha tashabbus tarzidagi auditdan o‘tkazish hamda auditorlik xulosasini soliq organi tomonidan tan olish mexanizmi joriy etiladi. Bunda:
audit o‘tkazilgan davr uchun soliq organlari tomonidan
soliq auditi o‘tkazilmaydi;
aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun muddatda bartaraf etilganda tadbirkorlik subyektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi;
mazkur eksperiment doirasida audit o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar reyestri Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritiladi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi;
auditorlik xulosasini tan olish oqibatida to‘lanmay qolgan soliq va yig‘imlar aniqlangan holatlar bo‘yicha auditorlik tashkiloti javobgar bo‘ladi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida 1 yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi, bundan kameral soliq tekshiruvi mustasno;
tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi va birinchi marta qoida buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qo‘llamasdan, dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 31 dekabrgacha kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi eʼlon qilinadi:
iqtisodiy amnistiya eʼlon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi (bundan penya mustasno) 2026 yil 31-dekabrga qadar to‘liq to‘langanda, ushbu qarzdorlik bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va ular bilan bog‘liq ijro ishlari tugatiladi;
avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qo‘shimcha hisoblangan soliq summasi 2026 yil 31 dekabrga qadar to‘liq to‘langanda ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi;
tadbirkorlik subyektlari soliqlar va yig‘imlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi;
iqtisodiy amnistiya doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil ravishda bartaraf etganlarning Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi ballari tushirilmaydi;
2026 yil 1 yanvarga qadar shakllangan quyidagi qarzdorliklar hisobdan chiqariladi:
soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun qo‘llangan maʼmuriy jarimaning to‘lanmagan qismi;
qatʼiy belgilangan miqdordagi aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi subyektlarga qo‘llangan moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi;
avval rasmiylashtirilgan mehnat shartnomalari Yagona milliy mehnat tizimiga kiritilishiga ruxsat beriladi hamda kechiktirib kiritilganligi sababli jarima qo‘llanmaydi.
Farmonga ko‘ra, quyidagi imtiyozlarning amal qilish muddatlari uzaytiriladi:
uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurishga subsidiyalar berish muddati 2029 yil 1 yanvarga qadar;
mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarining mol-mulkiga solinadigan soliq va yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qo‘llash muddati 2030 yil 1 yanvarga qadar;
turizm sohasi subyektlari uchun import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan ozod etish muddati 2028 yil 1 yanvarga qadar.
2027 yil 1 yanvardan:
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlariga QQSning nol stavkasi qo‘llanadi;
yulduzli mehmonxonaga subsidiya olish uchun uning toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyalar xulosasi talab etilmaydi.
Shuningdek, mazkur Farmon bilan qiymati BHMning 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Ilgari mazkur miqdor 25 million so‘m deb belgilangan.