Qonun bilan iqtisodiy sudlarning maʼmuriy boshqaruv tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, maʼmuriy sudlar maʼmuriy ishlarning muhokamasi chog‘ida maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan hollarda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180 va 181-moddalaridagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilandi.
Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi kiritildi.
Shu bilan birga, maʼmuriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi.
Unga ko‘ra, maʼmuriy organlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan hamda shaxslarning huquqlari va manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida dastlabki eshituv o‘tkaziladi.
Sudya dastlabki eshituvni ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran 20 kundan kechiktirmay o‘tkazadi.
Dastlabki eshituvni o‘tkazish chog‘ida sudya:
arizachining talablari va javobgarning eʼtirozlarini aniqlashtiradi;
arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
arizachiga zarur dalillarni hamda javobgarga fikrini yozma ravishda taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
arizadagi talablar va ishdagi dalillarga dastlabki huquqiy baho beradi.
Dastlabki eshituv natijasiga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirish yoki kelishuv bitimini tasdiqlash yoxud ish bo‘yicha sud muhokamasini tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Qonun bilan Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga maʼmuriy organ mansabdor shaxsining yoki uning vakilining sudga kelmaganligi oqibatlari to‘g‘risidagi norma kiritildi.
Unga ko‘ra, maʼmuriy organning qarori yoki uning mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan berilgan arizani (shikoyatni) ko‘rishda mansabdor shaxsning yoki uning vakilining sud majlisidagi ishtiroki majburiy hisoblanadi.
Ushbu arizani (shikoyatni) ko‘rishda mansabdor shaxs yoki uning vakili sud majlisida ishtirok etmagan taqdirda sud muhokamasi keyinga qoldiriladi.
Maʼmuriy organ mansabdor shaxsining yoki uning vakilining sud muhokamasida ishtirok etmaganligi sud tomonidan uzrli deb topilmagan taqdirda, sud mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasini qo‘llashga haqli.
Maʼmuriy organ mansabdor shaxsining yoki uning vakilining ishtiroki ishning har tomonlama, to‘liq va to‘g‘ri hal qilinishiga to‘sqinlik qilmagan taqdirda, ish davlat organi mansabdor shaxsining yoki uning vakilining ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish asoclari sifatida belgilandi:
agar javobgarga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa va javobgarga nisbatan taqdim etilgan talab qonunga ko‘ra to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish doirasida ko‘rilishi lozim bo‘lsa, ariza ko‘rmasdan qoldirilganda;
dastlabki eshituv natijalariga ko‘ra ariza ko‘rmasdan qoldirilganda.