ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 01.07.2026 yildagi O‘RQ-1156-son

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bolaning eng ustun manfaatlari tushunchasi hamda uni taʼminlash kafolatlari kiritildi.

Bolaning eng ustun manfaatlari xalqaro shartnomalar, Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan bolaning oila g‘amxo‘rligida o‘sib-ulg‘ayishi, farovonligi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, bilim olishi, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati, fikrlash, so‘z va eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy, axloqiy manfaatlari hamda  bolaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bolaning ishtirokida va uning fikrini hisobga olgan holda belgilanadigan manfaatlar hisoblanadi.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizim tashkilotlari, xususan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan daʼvolar taqdim etish, sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish vakolati berildi.
 
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazlarga joylashtirilganligi unga 1 oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos bo‘lishi belgilandi.