Ushbu Qonunning maqsadi sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, davlat va nodavlat sud eksperti lavozimini oliy maʼlumotga ega, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan hamda sud ekspertizasini o‘tkazish huquqini beruvchi guvohnomaga (sertifikatga) ega O‘zbekiston fuqarosi egallashi mumkin.
Sud ekspertlarining davlat reyestri Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
Sud-ekspertlik faoliyatining tashkiliy shakllari quyidagilar:
davlat sud-ekspertiza muassasasi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti;
sud-ekspertlik byurosi;
o‘z faoliyatining yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari;
sud eksperti sifatida ishtirok etadigan boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs.
O‘zbekiston sud ekspertlari palatasi (Palata) sud ekspertlarining aʼzoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir.
Qonunga ko‘ra, sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur tadqiqot obyektlarini hamda ish materiallarini taqdim etadi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tadqiqot uchun namunalar oladi va ularni protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda ishga qo‘shib qo‘yadi.
Sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari 30 kalendar kundan iboratdir.
Sud ekspertizasini 30 kun mobaynida o‘tkazish imkoni bo‘lmaganda, ekspertiza tayinlagan organga (shaxsga) muddat tugashiga 3 ish kuni qolguniga qadar bu xabar qilinadi va mazkur organ (shaxs) bilan kelishilgan muddatgacha uzaytirilishi mumkin.
Sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tadqiqotlarni o‘tkazib bo‘lganidan keyin tegishincha sud eksperti yoxud sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir sud eksperti imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.