ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 25.03.2026 yildagi PF-46-son

Farmonga ko‘ra, quyidagilar 2026–2030 yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish;

atrof-muhitga taʼsiri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilishini taʼminlash.

PM2,5 bo‘yicha milliy meʼyorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish.

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027 yil 1 martgacha uzaytiriladi.

Komissiyaning nomi Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga o‘zgartiriladi.

2026 yil 1 apreldan Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan:

qurilish obyektlarida quyidagi ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi:

qurilish obyektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;

onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;

huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyotini joriy qilish;

qurilish obyektlari bo‘yicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy qilinadi;

yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda:

mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi;

ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

2026 yil 1 avgustdan “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.

2026 yil yakuniga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishi taʼminlanadi.

2026 yil 1 apreldan chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor”lar barpo etish boshlanadi.