ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston milliy tabiiy meros obyektlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 16.03.2026 yildagi 106-son

Nizom O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlarining maqomi, turlari, ro‘yxatini shakllantirish hamda hududlarida qurilish ishlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari quyidagi turlarga bo‘linadi:

biologik;
geologik;
gidrologik;
paleontologik.

Taklif etuvchi tabiiy obyektni O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni vakolatli organning hududiy bo‘linmasiga taqdim qiladi.

Taklifga quyidagilar ilova qilinadi:

tabiiy obyekt to‘g‘risida maʼlumotnoma;
uning geolokatsiyasi;
foto va video tasvirlar.

Taklif 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. 

Hududiy bo‘linma tabiiy obyektning belgilangan talablarga javob berishini joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqib, natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzadi.

Vakolatli organ hududiy bo‘linma tomonidan yuborilgan hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, tabiiy obyektni vakolatli organning buyrug‘i asosida O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritadi.