ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 12.01.2026 yildagi PF-4-son

Farmonga ko‘ra, to‘qimachilik korxonalarini iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratish va ular faoliyatiga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha korxonalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi. 

Bunda quyidagilarga ruxsat beriladi:

korxonalarga tijorat banklari tomonidan 2 mln AQSH dollarigacha ular tomonidan xarid qilingan va to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan yoki o‘zi yetishtirgan xomashyoni  garovga olgan holda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan kreditlar ajratishga;

sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddatini 7 yilgacha uzaytirib berishga;

paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 2026–2027 yillarda to‘lov grafiklarida yanvar-fevral oylari uchun belgilangan to‘lovlarni kredit shartnomasiga asosan oxirgi 6 oyga teng taqsimlangan holda to‘lashga.

Farmonga ko‘ra, yengil sanoat korxonalarida 2026 yil 1 yanvardan quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi joriy qilinadi.

2026 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligini inobatga olgan holda paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.

2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar:

tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilinadi;

tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan 1 yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi;

charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari va chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.