ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 24.12.2025 yildagi 818-son

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi Ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazi (Inklyuziv markaz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 1 tadan alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatlar negizida Ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etiladi.

2026/2027 o‘quv yilidan Inklyuziv markaz tarkibida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv-korreksion maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Unda boshlang‘ich sinflar uchun o‘quvchilarni moslashtirish, taʼlim va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirish, shuningdek, individual taʼlim rejasi asosida korreksion va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan inklyuziv sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Inklyuziv markazda umumtaʼlim maktablarining inklyuziv sinflarida taʼlim oluvchi nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun asosiy maktabdagi darslariga qo‘shimcha fan, kasb va korreksion mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi.

2027 yil 1 yanvardan Inklyuziv markazda davlat taʼlim tashkilotlari maxsus pedagoglarining bilim va ko‘nikmasini baholash uchun maxsus pedagoglarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. 

2027/2028 o‘quv yilidan hududlarda bosqichma-bosqich Inklyuziv maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.