Nizomga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishda ularni taqdim etadigan tashkilot tomonidan tadbirkor erishishi lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi.
Tadbirkorga subsidiyalar ajratilishi “subsidiya.mf.uz” platformasi orqali monitoring qilinadi.
Samaradorlikni baholashda manbalardan quyidagi ketma-ketlikda foydalaniladi:
tadbirkorning moliyaviy, soliq hisobotlari;
sohaviy idoralar yoki statistika idoralari maʼlumotlari;
qo‘llab-quvvatlash choralari natijalari yuzasidan tadbirkor tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar.
Samaradorlik har bir tadbirkor uchun iqtisodiy, moliyaviy (byudjet) va ijtimoiy mezonlar bo‘yicha alohida baholanadi.
Tadbirkorga taqdim etilgan subsidiyalar quyidagi hollarda qaytariladi:
subsidiya shartnomasi (bitim) bo‘yicha tadbirkor tomonidan erishish lozim bo‘lgan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilmaganda;
mablag‘lardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgani aniqlanganda;
tadbirkor tomonidan tegishli hujjatlar yoki maʼlumotlarni noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatish va asossiz olingani holatlari aniqlanganda.