ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 19.11.2025 yildagi PQ-348-son

Qarorga ko'ra, 2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;

chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mlndan 20 mlngacha yetkazish.

O'zbekiston Respublikasi Turizm qo'mitasi turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish bo'yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.

2026–2028-yillarda quyidagi loyiha va chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy obyektlarni bog'lovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish bo'yicha “Samarqandning meros yo'li” loyihasi;

Xiva shahridagi Ichan-qal'a majmuasini jahonda yagona bo'lgan immersiv va “aqlli” muzey-shaharga aylantirish.

Qarorga ko'ra, jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-ko'ngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlari tashkil etiladi:

1-bosqichda (2030-yilgacha) – Toshkent, Samarqand, Buxoro 
va Xiva shaharlarida;

2-bosqichda (2030-yildan boshlab) – turistik salohiyati yuqori bo'lgan boshqa aholi punktlarida.

2026-yil 1-fevraldan chet el fuqarolari tomonidan O'zbekiston hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun to'langan QQS summasini qaytarish ularning xohishiga ko'ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.

2026-yil 1-martdan:

turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog'liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so'mdan ko'p bo'lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;

mehmonxonalarning Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro'yxatda nazarda tutilgan xalqaro e'tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bog'liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-apreldan xalqaro konferensiya va tadbirlarni tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlarga ular tomonidan to'langan QQSning 50 foizi qaytarib beriladi.

2026-yil 1-iyuldan ishga tushiriladigan Milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi orqali:

xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib o'tishda yig'iladigan ma'lumotlarni integrasiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha bo'lish joyi bo'yicha ro'yxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi;

transportning barcha turlari integrasiya qilingan holda sayohat yo'nalishini tuzish, eng maqbul yo'nalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;

chipta xo'jaligi joriy qilingan barcha turizm obyektlari, shu jumladan, muzey, madaniy meros obyektlari, madaniyat, ko'ngilochar va dam olish obyektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega bo'lgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi;

ekskursiyalar o'tkazish uchun interaktiv xarita, planshet, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyasiyalar vositasida turistik obyektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi.