ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 14.11.2025 yildagi PF-214-son

Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad etib tadbirkorlarning maʼmuriy xarajatlarini 90 mlrd so‘mgacha qisqartirish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtini tejash belgilandi. 

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:

elektron raqamli imzo kalitini berish;

bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;

ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;

ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;

QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish;

onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;

yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qo‘yish.

Farmonga ko‘ra,  “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili doirasida:

tadbirkor har bir xizmatdan o‘z tanlovi asosida ixtiyoriy ravishda foydalanadi;

tanlangan xizmatlar bo‘yicha yagona QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. 

2026 yil 1 yanvardan:

YATTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi;

tadbirkorlarning birlamchi maʼlumotlari o‘zgarganda ushbu maʼlumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar YATT guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda bepul kiritiladi. 

2026 yil 1 martdan:

litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini maʼmuriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi;

“Litsenziya” axborot tizimida litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.