Quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
2030 yilgacha ilg‘or xalqaro tajriba asosida prokuratura organlari faoliyatining barcha yo‘nalishlarini avtomatlashtirish;
tergov va prokuror nazorati jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish.
Farmonga ko‘ra, “Raqamli prokuror” axborot tizimlari kompleksi prokuratura organlari faoliyatiga joriy etiladi.
Mazkur tizim davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini masofaviy nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida qonunlarga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish maqsadida “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimining sinov versiyasi ishlab chiqiladi.
2026 yil 1 dekabrdan ushbu tizimning to‘liq versiyasi ishga tushiriladi.
Farmonga ko‘ra, “E-tergov” axborot tizimi joriy etiladi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
jinoyat ishi yurituvining barcha bosqichlarini elektron shaklga o‘tkazish;
sud ekspertizasini onlayn rejimda tayinlash;
moddiy zararni hisobga olish va undirish jarayonlarini monitoring qilish.
Bundan tashqari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 o‘quv yilidan har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida kunduzgi taʼlim shaklida o‘qish muddati 4 yilni tashkil etadigan “Kiberhuquq” bakalavriat taʼlim yo‘nalishi joriy etiladi.
Mazkur Farmon va Strategiyadagi vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash uchun Bosh prokuraturaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi negizida Bosh prokuraturaning Raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi.