ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 31.10.2025 yildagi PQ-322-son

Qarorga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada 12 oy muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi. 

2025 yil 1 noyabrdan 2030 yil 31 dekabrgacha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan belgilangan yo‘nalish va shartlar bo‘yicha tadbirkorlarga quyidagilar qoplab beriladi:

Markaziy bank asosiy stavkasining 2 barobaridan oshmagan miqdorda milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz banddan yuqori, biroq 10 foiz bandgacha bo‘lgan qismi;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 8 foizdan yuqori, biroq 4 foiz bandgacha bo‘lgan qismi.

2026 yil 1 yanvardan ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foiz qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Qarorga ko‘ra,  chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibining amal qilish muddati 2030 yil 31 dekabrgacha uzaytiriladi.

Nasldor 1 kunlik jo‘jalar importi uchun belgilangan subsidiya 2026 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan go‘sht yo‘nalishida ushbu nasldor bir kunlik jo‘jalar xarid qilinganda ajratiladi.

2026 yil 1 yanvardan 2027 yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol (TIF TN bo‘yicha kodi 0102) va tirik qo‘y va echkilarni (TIF TN bo‘yicha kodi 0104) import qilishda:

hisoblangan QQSni 180 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;

to‘langan QQSning o‘rnini qoplash (qaytarib berish) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

2026 yil 1 yanvardan:

veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati 2 baravar qisqartirilgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun elektron onlayn auksion savdolari orqali yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini sotib olish to‘lovlarini 5 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.