ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 08.09.2025 yildagi PQ-277-son

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

“Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi hamda Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi negizida Respublika “Kelajak” markazi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar maktablari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) “Kelajak” markazlari;

Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari “Kelajak” markazlari huzurida bolalar sayyohlik bazalari.

“Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida vertikal tizimini joriy etish maqsadida o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. 

Maktab maslahatchisi lavozim maoshi umumiy o‘rta taʼlim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi.

2026 yil 1 sentyabrdan menejerlik sertifikatiga ega maktab maslahatchilariga lavozim maoshiga tegishlicha har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Qarorga ko‘ra, “Kelajak” markazlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:

shartnoma asosida malakali mutaxassislar hamda nodavlat o‘quv markazlarini jalb etgan holda to‘garaklar tashkil etish;

ota-onalar badali to‘lovini ota-onalar bilan kelishgan holda respublika bo‘yicha belgilangan minimal miqdorlarga nisbatan oshirish.

2026 yil 1 yanvardan “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovining minimal miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi. 

“Kelajak” markazlari kontingent soni bo‘yicha ikkita guruhga ajratiladi. 

Bunda kontingent soni 600 nafargacha bo‘lgan “Kelajak” markazlari – II guruhga, 601 nafar va undan ortiq bo‘lganda – I guruhga tegishli hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) “Kelajak” markazlari faoliyati quyidagicha tashkil etiladi:

markazlardagi to‘garaklar faoliyati zamonaviy va yagona dastur asosida tegishli yo‘nalishlarga bosqichma-bosqich ixtisoslashtiriladi;

inklyuziv to‘garaklarga jalb qilingan pedagoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun lavozim maoshining 30 foizi miqdorida har oyda ustama haq to‘lanadi.