Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etiladi.
Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri etib davlat xizmatchilarining malakasini muntazam oshirib borish va qayta tayyorlash, shuningdek, boshqaruv kadrlarini magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichlarida o‘qitish belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining Vasiylik kengashi tuziladi.
2025 yil 1 iyuldan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash xodimlarning kasbiy rivojlanish ehtiyojlariga asoslangan holda tashkil etiladi hamda malaka oshirishning anʼanaviy, muqobil va mustaqil shakllari joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan Akademiyada davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan Akademiyada muddati 6 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash taʼlim dasturlari joriy etiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Davlat boshqaruvi”, “Inson resurslarini rivojlantirish” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
2026/2027 o‘quv yilidan:
“Davlat siyosati” (Public Policy) va “Davlat moliyasini boshqarish” (Public Finance Management) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi;
yuqori malakali va zamonaviy bilimlarga ega boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirib borish maqsadida amaliyotchi boshqaruvchilar uchun maxsus dasturlar (Executive MPA va Executive MBA) joriy etiladi;
magistratura dasturlari xorijdagi nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari va modullar bo‘yicha tashkil etiladi.