ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 08.05.2025 yildagi PF-85-son

Farmonga muvofiq:

1) Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlar etib belgilandi:

a) nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlashga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy rag‘batlantirish tizimini yaratish;

b) nogironligi bo‘lgan shaxslarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish;

v) nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni bozorga chiqarish va realizatsiya qilishga ko‘maklashish;

g) nogironligi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularning mehnat bozoriga kirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;

d) 2025 yil yakuniga qadar 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini taʼminlash;

2) Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi PF-229-son Farmonining 2-bandida tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun belgilangan soliq imtiyozlari unda ko‘rsatilgan shartlar asosida Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga qabul qilinganda ham qo‘llanilishi;

b) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan hamda ularga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘laydigan nodavlat yuridik shaxslarga ushbu shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida hisoblanadi, yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa ijtimoiy soliq hisoblanmasligi;

v) 2025 yil 1 iyuldan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarga qonunchilikda belgilangan soliq imtiyozlari ularning murojaatisiz proaktiv shaklda qo‘llanilishi belgilandi;

3) 2025 yil 1 iyundan boshlab:

a) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning qolgan hududlarida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni quyidagi shartlarga bir vaqtda javob beradigan mehnat sharoitlari asosida ishga qabul qilgan yoki shunday ishga joylashishiga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlariga 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yilishi;

v) mazkur bandning “b” kichik bandidagi subsidiya bandligi taʼminlangan har bir nogironligi bo‘lgan shaxs uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida berilishi belgilandi;

4) Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash bo‘yicha quyidagi tartib joriy etildi:

a) 2025 yil 1 iyundan boshlab “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri (elektron reyestr) yuritiladi;

b) 2025 yil 1 avgustdan boshlab “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini zaxiralashning elektron tizimi joriy etiladi. Bunda tashkilotlar tomonidan ish o‘rinlarini zaxiralash elektron reyestr maʼlumotlari orqali o‘zlari joylashgan hududdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy holati va imkoniyatlari hamda malaka darajasidan kelib chiqib amalga oshiriladi;

5) Quyidagilar belgilandi, unga ko‘ra:

a) 2025 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 oktyabrdagi PQ-390-son qaroriga muvofiq yuritilayotgan Yagona reyestrga (Yagona reyestr) faqatgina quyidagi tadbirkorlik faoliyati subyektlari hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar haqidagi maʼlumotlar kiritiladi:

(i) xodimlari umumiy sonining kamida 25 foizi, biroq kamida 4 nafari ushbu tashkilotda 6 oydan kam bo‘lmagan muddatda faoliyat olib borayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 25 foizini tashkil etuvchi tijorat tashkilotlari;

(ii) kamida 6 oydan buyon faoliyat yuritayotgan nogironligi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;

b) davlat buyurtmachilari va Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi huquqlar beriladi:

(i) davlat buyurtmachilariga Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali hamda Elektron kooperatsiya portali orqali o‘z hududida joylashgan Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish bo‘yicha bir moliya yilida bazaviy hisoblash miqdorining bir ming besh yuz baravarigacha qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish;

(ii) Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga davlat xaridlari elektron tizimlarida talab etiladigan qo‘shimcha zakalat to‘lovini kiritmaslik;

(iii) Yagona reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga har yili o‘tkazib boriladigan “Inson uchun” shiori ostida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi doirasida faqatgina mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat berilgan tovarlari bilan qatnashishiga va bir davlat buyurtmachisi bilan bazaviy hisoblash miqdorining uch ming baravarigacha qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish.

6. Quyidagi tartib o‘rnatildi, unga muvofiq:

a) 2025 yil 1 iyundan boshlab:

(i) Elektron kooperatsiya portalida Yagona reyestrga kiritilgan subyektlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlar, ko‘rsatiladigan xizmatlarning davlat xaridi uchun elektron savdo maydonchasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

(ii) davlat buyurtmachilariga elektron savdo maydonchasi orqali Yagona reyestrga kiritilgan subyektlardan bir shartnoma bo‘yicha qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravarigacha bo‘lgan tovar (xizmat)larni xarid qilishga ruxsat beriladi. Bunda elektron savdoda 48 soat ichida bir nafar ishtirokchi qatnashgan taqdirda, davlat buyurtmachisiga ishtirokchi bilan elektron ravishda savdolashish orqali yoki davlat xaridlarining boshqa turi asosida xaridni amalga oshirish huquqi beriladi;

b) nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlagan hamda ularning ijtimoiylashuviga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Inklyuziv ish beruvchi” mukofoti bilan taqdirlanadi;

v) Agentlik va Savdo-sanoat palatasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har yili may oyida “Inson uchun” shiori ostida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.