ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 28.04.2025 yildagi PF-73-son

Farmonga ko‘ra:

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi;

Universitet respublikada pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti etib belgilandi.

2025/2026 o‘quv yilidan:

Universitetning boshqaruv tizimi “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi;

Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi;

akademik faoliyat raqamlashtirilgan boshqarish tizimi (Learning management system) orqali yo‘lga qo‘yiladi hamda “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;

Universitetning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga 1-kursdan  xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha:

pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki taʼlim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;

oliy pedagogik taʼlim yo‘nalishida nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.

2025/2026 o‘quv yilidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Universitetning xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan taʼlim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2026/2027 o‘quv yilidan alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yil 1 sentyabrdan respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining o‘quv jarayoniga xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.