Farmonga ko‘ra, diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yana-da mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;
diniy-maʼrifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;
aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
“Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, hamkorlar:
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi
Yoshlar ishlari agentligi
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi
Ichki ishlar vazirligi
Ushbu hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
vijdon erkinligini taʼminlash, turli konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash.
Farmonga muvofiq, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 2025 yil 1 sentyabrgacha “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Portalda:
“Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi;
“Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari yo‘nalishlarida mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga masʼul muassasa hisoblanadi.
Farmonga ko‘ra, Buxoro viloyatida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.
Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish ushbu markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
U islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.
Kengash quyidagi tashkilotlarning taʼlim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi;
boshqa diniy-maʼrifiy muassasalar.
Shuningdek, Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash faoliyati takomillashtirilib, uning tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislar kuzatuvchi sifatida kiritiladi.