ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 17.04.2025 yildagi O‘RQ-1058-son

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, rezidentlar o‘rtasidagi valyuta operatsiyalariga mijozning (kreditorning) kontragenti norezident bo‘lgan taqdirda, kredit tashkilotlari tomonidan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash operatsiyalari amalga oshirilayotganda yo‘l qo‘yilishi belgilandi.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunga Markaziy bank, kredit tashkiloti bo‘lmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan elektron faktoring platformalarining axborot tizimlari xavfsizligiga, kiberxavfsizligiga va ularni IT-auditdan o‘tkazishga doir talablarni belgilash hamda mazkur talablarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vakolatlarni belgilovchi qo‘shimcha kiritildi.

Shuningdek, Markaziy bankning ichki auditorlik xizmati o‘z faoliyatida Markaziy bank boshqaruviga va Auditorlik qo‘mitasiga hisobdorligi belgilandi.

Ilgari faqat Auditorlik qo‘mitasiga hisobdor bo‘lgan. 

Markaziy bank quyidagilar uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishi nazarda tutilmoqda:

kafolatlar berish tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga;
faktoring tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga.

Quyidagi faoliyat (harakatlar) turlarini amalga oshirish uchun bu haqda Markaziy bankni xabardor qilish talabi belgilandi:

faktoring tashkilotining filialini ochish yoki yopish;

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek norezidentlar tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) 10 foizdan 20 foizgacha tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olish.

Qonunga  muvofiq, Fuqarolik kodeksiga pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) to‘g‘risidagi umumiy qoidalar kiritildi.

Faktoring haqidagi bildirishnoma garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish uchinchi shaxslarga nisbatan kuchga ega bo‘ladi.

Faktoring shartnomalari bo‘yicha moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish tartibi belgilandi.

Bunda, aynan bir mijoz tomonidan ayni bir pul talabnomasidan yoki uning bir qismidan boshqa shaxs foydasiga bir martadan ortiq voz kechish amalga oshirilgan taqdirda, moliya agentlarining talablari navbat tartibida qanoatlantiriladi.

Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) qatoriga quyidagilar kiritildi:

Kafolatlar berish  tashkiloti faoliyatini amalga oshirish;
Faktoring tashkiloti faoliyatini amalga oshirish.

Bundan tashqari, vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga quyidagilar kiritildi:

Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush olinganligi to‘g‘risida xabarnoma;
Faktoring tashkilotining filialini ochganlik yoki yopganlik haqidagi xabarnoma.