ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 09.04.2025 yildagi 214-son

Qarorga ko‘ra, harbiy xizmatchilarga turar-joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun to‘lab beriladigan oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshirildi. Bunda pul kompensatsiyasi miqdorlariga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi:

Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha;

Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha;

respublikaning boshqa shaharlari, tumanlar markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2 baravarigacha.

Shuningdek, 2025 yil 1 iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan taʼminlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joyning hisoblangan qiymati 35 foizi miqdorida belgilandi.

Oldin mazkur miqdor barcha uchun 25 foizni tashkil etgan. 

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va nogironligi bo‘lgan harbiy xizmatchilarni birinchi navbatda turar joy bilan taʼminlash, agar ular uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida turar joy bilan taʼminlangan bo‘lsa, qaytarilmagan kredit miqdori va kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar Davlat byudjeti hisobidan to‘liq qoplab beriladi.